NAVOIY NOMINI YOD ETIB…

Adabiyot sehrli va tengsiz kuchga ega, chunki uning quroli so‘z, borar manzili qalbdir.

O‘zbek adabiyoti necha ming yillik an’analari bilan butun dunyoni lol qoldirib kelmoqda. Milliy qadriyatlarimiz safidan chuqur o‘rin olgan xalq qo‘shiqlari deysizmi, hosil yig‘im-terimda aytiladigan she’rlar va to‘y-marosimlardagi yalla-laparlarmi, har birida chuqur ma’no-mazmun mujassam. O‘zbek adabiyotining oltin davri bo‘lmish o‘rta asrlardagi alloma shoirlar Alisher Navoiy, Lutfiy, Bobur ijodiga bir nazar soling. Yoxud XX asr adabiyoti vakillari Abdulla Oripov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Mirtemir, Usmon Nosir, Zulfiya kabi ijodkorlar adabiy merosiga ko‘z yugurtiring. Ular aynan so‘z qudrati bilan odamlar qalbidan joy olishdi. Bu haqida hazrat Navoiy shunday lutf qiladilar:

So‘zdurki, nishon berur o‘lukka jondin,

So‘zdurki, berur jonga xabar jonondin.

Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,

Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.

So‘zning ulug‘ligini hazrat nafaqat ijod orqali, balki hayotiy ibratlari orqali targ‘ib qildilar. Butun umrini millat hayotining yaxshilanishiga sarf etdilar:

Qaro ko‘zum, kel-u, mardumliq emdi fan qilg‘il,

Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.

* * *

Alisher Navoiy 1441-yilning 9-fevral kuni Xurosonning Hirot shahrida ziyoli oilada dunyoga keldi. Bu ulug‘ zotni tanimaydigan, g‘azallaridan bir bayt bilmaydigan inson bo‘lmasa kerak.

Samarali umri davomida adabiyotga ham xalqqa ham katta yordamlar va saxovatlar ko‘rsatgan. Turkiy tilda hech qanday go‘zal asarlar yaratib bo‘lmaydi, dag‘al til degan fikrlarni rad etib turkiy tilda go‘zal asarlar yaratib turkiy tilni naqadar jozibadorligini ko‘rsatib berdi. Shuningdek, zamondoshlarning tariflashicha, Alisher Navoiy asarlarni yaxshi hamki turkiy tilda yozdilar, agar forsiyda bitganlarida bizga hech qanday so‘z qolmas edi, deyishgandi.

Navoiyning asarlariga keladigan bo‘lsa, har bir asarida kelajakdan bashoratni ko‘rishimiz mumkin. Masalan: ,,Farhod va Shirin” dostoniga Farhodning 5 shartni bajarishi va shartlarning birida temir odam bilan jang qilishi aytib o‘tilgan, ya’ni hozirgi kundagi robotlarni yaratilishini aytib o‘tganligini guvohi bo‘lishimiz mumkin. Shuningdek, g‘azallarda ilohiy muhabbatni tariflash ancha murakkab janrlardan foydalangan.

Navoiy bobomizning tavalludlari har yili o‘zgacha tarzda o‘tkazilgan. Hatto Sobiq Ittifoq davrida ham keng nishonlangan. Buning yaqqol misoli sifatida 1941-yilda Yozuvchilar uyshmasining rahbari Hamid Olimjonning tashabbusi bilan Alisher Navoiyning 400 yilligiga bag‘ishlab Navoiy ijodi va hayotiga bag‘ishlab, har bir yozuvchi va shoir asar yaratgan. Masalan, Oybekning ,,Navoiy” romani, Mirkarim Osimning ,,Zulmat ichra nur” asari va yana boshqa asarlar yaratilgan.

Bu yil 2021-yil buyuk bobomiz Alisher Navoiyning 580 yillik yubileyi keng miqyosda nishonlanmoqda. 2020-yil 19-oktabrdagi PQ-4865-sonli qarorida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi Prezident qarori ham qabul qilindi.

Shu paytga qadar ham ulug‘ ajdodimiz nomini abadiylashtirish yo‘lida xayrli qadamlar tashlandi. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi, mamlakatimiz hamda bir qator xorijiy davlatlarda haykallari o‘rnatildi, asarlar to‘plami, tabdili to‘liq nashrdan chiqarilmoqda, poytaxtimiz markazidagi ulug‘ bobomizning muazzam me’moriy yodgorligi Adiblar xiyobonining javhariga aylandi.

Ravshanbek Nasrillayev,

1-bosqich A potok 1-guruh talabasi

Улашиш:

Тег: Янгиликлар